OpenAI va Anthropic startup’larni ovlamoqda

OpenAI va Anthropic startup’larni jalb qilish uchun millionlab dollarlik AI resurslarini taqdim etmoqda
Sun’iy intellekt sohasidagi raqobat endi faqat eng kuchli model yaratish bilan cheklanmayapti. OpenAI, Anthropic va yirik cloud kompaniyalari istiqbolli startup’larni o’z ekotizimiga jalb qilish uchun ularga millionlab dollarlik AI hisoblash resurslari (compute credits) va token kreditlarini bepul taqdim etmoqda.
The Wall Street Journal ma’lumotiga ko’ra, ayrim startup’lar umumiy qiymati 3 million dollardan ortiq bo’lgan takliflarni olgan. Bu AQShdagi o’rtacha seed investitsiyasi hajmiga deyarli teng.
Bu poygada faqat OpenAI va Anthropic emas. Google Cloud startup’larga 500 ming dollargacha kredit, Gemini modellari uchun erta kirish imkoniyati va ayrim hollarda DeepMind muhandislari bilan ishlash imkoniyatini ham taklif qilmoqda. Microsoft Azure va Amazon Web Services (AWS) ham shunga o’xshash dasturlarni yo’lga qo’ygan.
Kompaniyalarning asosiy maqsadi — startup’lar mahsulotini boshidanoq o’z platformalarida qurishini ta’minlash. Chunki biznes ma’lum bir AI infratuzilmasiga moslashgach, keyinchalik boshqa platformaga o’tishi ancha qiyinlashadi.
Raqobat ayniqsa Y Combinator startup’lari atrofida kuchaygan. OpenAI dastlab ulush evaziga 2 million dollarlik token kreditlarini taklif qilgan bo’lsa, Anthropic bunga javoban 500 ming dollarlik kreditni hech qanday ulush talab qilmasdan e’lon qildi. Oradan ko’p o’tmay OpenAI ham xuddi shunday 500 ming dollarlik bepul kreditni taqdim eta boshladi va qo’shimcha ravishda ulush evaziga yana 1,5 million dollarlik kredit taklif qildi.
Mutaxassislar fikricha, bu strategiya AI kompaniyalariga bugungi startup’larni emas, balki ertangi milliard dollarlik kompaniyalarni o’z ekotizimiga bog’lab olish imkonini beradi.




