O‘zbekistonda yoshlar startaplari uchun yangi imkoniyatlar: eng yaxshi loyihalarga 1 milliard so‘mgacha investitsiya ajratiladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni yoshlar bilan uchrashuvda tadbirkorlik, startaplar va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tashabbuslarni e’lon qildi.
Davlat rahbari ta’kidlashicha, bugungi kunda yillik aylanmasi 500 milliard so‘mdan oshgan yosh tadbirkorlar soni 15 nafarga, 100 milliard so‘mdan oshganlari 194 nafarga, 50 milliard so‘mlik marradan o‘tganlari esa 68 nafarga yetgan.
Prezidentimiz so‘zlariga ko‘ra, endilikda yoshlarni muvaffaqiyatli biznes sari yetaklaydigan yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Shu maqsadda Bank-moliya akademiyasi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha “aql markazi” sifatida belgilanadi. Akademiya tinglovchilari hududlarda yoshlar va tadbirkorlar bilan uchrashib, tayyor biznes loyihalarini shakllantiradi.
Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi esa tayyor loyihalarni biznes rejasi bilan qulay shartlarda yoshlarga taklif qiladi. Shuningdek, jamg‘arma yuqori daromad keltiradigan va ko‘plab ish o‘rinlari yaratadigan loyihalarga 5 milliard so‘mgacha investitsiya kiritadi.
Eng yaxshi loyihalar Bank-moliya akademiyasi tinglovchilarining magistrlik dissertatsiyasi sifatida qabul qilinadi. Bunday loyiha mualliflari hududiy bank rahbari va hokimlarning iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlariga birinchi nomzod sifatida ko‘rib chiqiladi.
Prezidentimizning ta’kidlashicha, ushbu tizim kamida 300 ming nafar yoshning o‘z biznesini boshlashiga imkon yaratadi.

“Biz 2030-yilgacha iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirishni reja qilganmiz. Bunga erishish uchun barcha sohalarga yangi g‘oya olib kiradigan innovatsion startaplar kerak”, dedi davlat rahbari.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi to‘qqiz yilda O‘zbekistondagi startap ekotizimi 15 barobar o‘sib, 4 milliard dollardan oshgan. Venchur jamg‘armalar soni 23 taga, ularning umumiy kapitali esa 200 million dollarga yetgan. Shu davr mobaynida 1 200 dan ortiq istiqbolli startap loyihalari paydo bo‘lgan.
Yangi tashabbus doirasida “1 mingta masalaga, yoshlardan 1 mingta yechim” loyihasi ham yo‘lga qo‘yiladi. Unga ko‘ra, har bir vazir, tarmoq rahbari va hokim o‘z tizimidagi dolzarb muammolarni ochiq platformaga joylashtiradi hamda eng yaxshi yechimlar uchun mukofot e’lon qiladi.
Buning uchun har bir vazirlik va hokimlik huzurida kamida 10 milliard so‘mlik venchur jamg‘armalari tashkil etiladi. Ushbu mablag‘lar g‘oliblarni rag‘batlantirish va 20 ta eng yaxshi startapni g‘oyadan amaliyotgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, Yoshlar agentligi biznes, axborot texnologiyalari va kreativ iqtisodiyot yo‘nalishidagi eng yaxshi 100 ta loyihani saralab olib, ularning har biriga 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritadi.
Shuningdek, uchrashuv davomida O‘zbekiston yoshlar ligasi platformasi ishga tushirilishi ma’lum qilindi.
TOP-100 dasturi doirasida “yangi iqtisodiyot”, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt, ta’lim, tibbiyot hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovlar o‘tkaziladi.
Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan tanlovda 100 nafar g‘olib saralanadi va ularning har biri 50 million so‘m bilan mukofotlanadi. G‘oliblar rahbarlik lavozimlariga tavsiya etiladi hamda xalqaro tashkilotlarda stajirovka o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, mutasaddilar yiliga 2 ming nafar yoshni xalqaro tashkilotlarga stajirovkaga yuborish bo‘yicha rejani tasdiqlashi va uning ijrosini ta’minlashi kerak.
Yoshlar ligasi platformasida yoshlar o‘z yutuqlari va natijalarini joylashtiradi. Ushbu ma’lumotlar asosida vazirliklar tomonidan baholash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Yuqori ball to‘plagan yoshlarga ta’lim grantlari, kontrakt chegirmalari, kasb vaucherlari, xorijda o‘qish xarajatlarini qoplash, imtiyozli kreditlar, akselerator dasturlarida ishtirok etish imkoniyati, xorijiy stajirovkalar hamda imtiyozli ipoteka dasturlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.




