DeepSeek o‘zining AI chipini ishlab chiqmoqda

Xitoyning AI startapi DeepSeek sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan o‘z chipini ishlab chiqishni boshladi. Reuters manbalariga ko‘ra, ushbu chip AI modellarini o‘qitish (training) uchun emas, balki foydalanuvchi so‘rovlariga javob berish jarayoni — inference uchun mo‘ljallanmoqda.
Maqsad esa AI infratuzilmasida Nvidia va Huawei chiplariga qaramlikni kamaytirishdir.
Hozircha loyiha dastlabki bosqichda. DeepSeek chip dizayni, ishlab chiqarish va xotira texnologiyalari bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar bilan muzokaralar olib bormoqda. Shuningdek, kompaniya so‘nggi bir necha oy davomida chip muhandislarini ommaga e’lon qilmasdan ishga yollayotgani aytilmoqda.
Biroq bu yo‘l oson bo‘lmaydi. AQShning eksport cheklovlari sabab Xitoy kompaniyalari eng ilg‘or AI chiplari va xotira texnologiyalaridan foydalana olmayapti.
Qizig‘i shundaki, DeepSeek bu yo‘nalishda yolg‘iz emas. OpenAI va Anthropic ham o‘z AI chiplarini ishlab chiqish ustida ishlamoqda.
Bundan tashqari, Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, DeepSeek tarixida ilk bor tashqi investitsiyalarni jalb qilmoqda. Kompaniya 7 milliard dollar investitsiya yig‘ishni rejalashtirayotgan bo‘lib, uning bozor qiymati 52–59 milliard dollar atrofida baholanmoqda.




