Anthropic’ning yangi roligi odamlarni qo‘rqitib yubordi

OpenAI’ning eng katta raqiblaridan biri bo‘lgan Anthropic yana marketing bilan e’tiborni tortdi. Ammo bu safar kompaniyaning yangi reklama roligi odamlarni kuldirish yoki hayratlantirish o‘rniga, aksincha, biroz qo‘rqitib yubordi.
“There’s hope in hard questions” (“Qiyin savollarda ham umid bor”) nomli reklama juda g‘alati sahna bilan boshlanadi: yonayotgan uy. Keyin esa ketma-ket yanada og‘ir tasvirlar paydo bo‘ladi:
- Yuzni aniqlash texnologiyasi kuzatayotgan odamlar.
- Ko‘chada uxlayotgan uysiz inson.
- Qabristondagi qator-qator qabrlar.
- Smartfonlar uchun xomashyo qaziyotgandek ko‘rinadigan kon ishchilari.
Shu paytda fonda turli savollar yangraydi:
“Sun’iy intellektga ishonish mumkinmi?”
“Agar kerak bo‘lsa, kim tormozni bosadi?”
Anthropic nimani ko‘rsatmoqchi edi?
Anthropic uzoq vaqtdan beri o‘zini AI sanoatidagi “eng mas’uliyatli kompaniya” sifatida ko‘rsatishga harakat qiladi. Kompaniya doim xavfsizlik, etik me’yorlar va sun’iy intellektning xavflari haqida ko‘proq gapiradi.
Yangi reklama ham aynan shu g‘oyani ilgari suradi: AI xavf tug‘dirishi mumkin, ammo Anthropic bu xavflarni tushunadi va nazorat qilishga tayyor.
Lekin internet foydalanuvchilari buni boshqacha qabul qildi.
Sam Altman ham masxara qildi
OpenAI rahbari Sam Altman reklamani ko‘rib, X platformasida kinoyali izoh qoldirdi:
“Men buni satira deb o‘yladim. Hatto akkaunt nomi ‘c1audeai’ deb yozilganmi, deb tekshirdim.”
Texnologiya sohasidagi ko‘plab mutaxassislar ham reklamaning ohangi haddan tashqari qorong‘i ekanini aytishdi.
Ba’zilar Anthropic’ni “eng yomon korporativ kommunikatsiyaga ega ajoyib kompaniya” deb atadi.
Eng katta bahs qabriston sahnasi atrofida bo‘ldi
Ayniqsa, reklamadagi qabriston tasviri internetda katta tanqidga uchradi. Foydalanuvchilar “Kim tormozni bosadi?” degan savol bilan birga qabriston tasviridan foydalanish noo‘rin va hatto qo‘rqinchli ko‘ringanini yozishmoqda.
Ko‘pchilik bu sahnani AQShdagi Arlington milliy qabristoniga o‘xshatdi va kompaniyani haddan tashqari dramatik marketingda aybladi.
Aslida Anthropic qanday strategiyani tanladi?
Marketing nuqtai nazaridan qaralganda, Anthropic yangi narsa o‘ylab topgani yo‘q.
Bu juda eski strategiya:
- Sanoatdagi xavflarni ochiq tan olish.
- Odamlarning qo‘rquvini ko‘rsatish.
- Keyin esa o‘zini shu muammolarni hal qila oladigan eng mas’uliyatli kompaniya sifatida taqdim etish.
Ammo bu safar strategiya kutilganidek ishlamadi.
Qizig‘i shundaki…
Bu Anthropic’ning birinchi shov-shuvli marketing kampaniyasi emas. Fevral oyida Super Bowl paytida kompaniya ChatGPT’dagi reklamalarga hazil aralash tanqid bilan yondashgan roliklar chiqargan va ular internetda ijobiy rezonans uyg‘otgan edi.
Ammo yangi reklama aksincha, odamlarni bir savol oldida qoldirdi:
Anthropic haqiqatan ham AI xavflari haqida ogohlantiryaptimi yoki qo‘rquvning o‘zini marketing vositasiga aylantiryaptimi?
AI kompaniyalari o‘rtasidagi raqobat endi faqat eng kuchli model yaratish bilan cheklanmayapti. Endi ular odamlarni qaysi kelajak kutayotgani haqidagi tasavvur uchun ham kurashmoqda. Insoniyat esa odatdagidek o‘rtada turib, reklama ko‘ryapti va bu safar hatto popcorn ham yetmayapti.




