AI’ning yashirin narxi: 2035-yilda AQSh elektr energiyasining 20 foizi data markazlarga ketadi

Sun’iy intellekt rivojlanayotgani sari yana bir muammo tez sur’atlarda o‘smoqda: elektr energiyasi.
BloombergNEF hisobotiga ko‘ra, 2035-yilga borib AQShdagi data markazlar mamlakat ishlab chiqaradigan elektr energiyasining qariyb 20 foizini iste’mol qiladi. Bu hozirgi ko‘rsatkichdan 4 baravar ko‘p.
Asosiy sabab esa hammaga tanish: ChatGPT, Gemini, Claude va boshqa AI modellarini o‘qitish hamda ishlatish uchun ulkan hisoblash quvvati kerak bo‘lmoqda.
Raqamlar qanchalik katta?
- Keyingi 10 yil ichida data markazlar quvvati 200 gigavattga yetadi.
- Ushbu quvvatning deyarli yarmi AI modellarini o‘qitish va ishlatishga sarflanadi.
- 2033-yilga kelib dunyodagi AI chiplarining 64 foizi AQShda joylashadi.
- Dunyo bo‘yicha data markazlar 1 935 teravatt-soat qo‘shimcha elektr energiyasiga ehtiyoj sezadi. Bu deyarli Hindistonning bir yillik elektr iste’moliga teng.
Elektr tarmoqlari bunga tayyormi?
Muammo shundaki, yangi data markazlarning aksariyati allaqachon yuklama yuqori bo‘lgan elektr tarmoqlariga ulanmoqchi.
Masalan:
- AQShning Virjiniyadan Illinoys shtatigacha cho‘zilgan PJM tarmog‘ida elektr energiyasining 34 foizi data markazlarga ketadi.
- Texasning asosiy elektr tizimi bo‘lgan ERCOT esa quvvatining 22 foizini data markazlarga ajratishga majbur bo‘ladi.
PJM tarmog‘i yangi elektr stansiyalari va yirik iste’molchilarni ulash bo‘yicha arizalarni hatto 4 yilga to‘xtatib qo‘ygan. Shu vaqt ichida talab esa o‘sishda davom etdi.
Natijada:
- Elektr energiyasi narxi bir yil ichida 76 foizga oshdi.
- Ayrim energetika kompaniyalari tizimdan chiqib ketish bilan tahdid qilmoqda.
- Shunga qaramay, yangi data markazlar PJMga ulanishni davom ettirmoqda.
Nega bu muhim?
Bir necha yil oldin AI poygasi «kim eng aqlli model yaratadi?» degan savol atrofida edi.
Endi esa yangi savol paydo bo‘ldi:
«Kimda yetarlicha elektr energiyasi bor?»
Kelajakdagi AI raqobati faqat algoritmlar, chiplar va dasturchilar bilan emas, balki elektr stansiyalari, transformatorlar va sovitish tizimlari bilan ham hal qilinadi. Insoniyat sun’iy intellekt qurayotgan bir paytda, unga tok yetkazish alohida sanoatga aylanib bormoqda. Odamlar robotlardan ishimizni tortib oladi deb qo‘rqayotgan bir paytda, elektr tarmoqlari esa «avval menga quvvat topib beringlar» deyayotganga o‘xshaydi.




