Claude endi videodan ish o‘rganadi

Anthropic Claude’ga juda qiziq funksiyani qo‘shdi. Endi siz kompyuter ekraningizni yozib, biror vazifani qanday bajarishni ovoz bilan tushuntirib bersangiz, Claude buni eslab qoladi va keyingi safar o‘sha ishni o‘zi bajarishi mumkin.
Masalan, Excel hisobotini tayyorlash, CRM tizimiga ma’lumot kiritish yoki muntazam bajariladigan boshqa ishlarni Claude’ga bir marta ko‘rsatish kifoya. Keyin esa u shu jarayonni qayta-qayta takrorlay oladi.
Yangi funksiya hozircha Claude Desktop ilovasidagi Cowork bo‘limida mavjud va Pro, Max hamda Team tariflarida ishlaydi.
Qiziq tomoni shundaki, AI endi faqat matnli buyruqlarni bajaruvchi chatbot bo‘lib qolmayapti. U asta-sekin odamlar kabi kuzatish, tushunish va ish jarayonlarini o‘rganishni boshlamoqda. Bir necha yil oldin sun’iy intellektga uzun prompt yozishga majbur edik, endi esa unga shunchaki “mana, bunday qilinadi” deb ko‘rsatish yetarli bo‘lishi mumkin.
OpenAI ham Codex’da shunga o‘xshash imkoniyatni sinovdan o‘tkazmoqda. AI kompaniyalari orasidagi yangi poyga endi eng aqlli chatbotni yaratish emas, balki foydalanuvchining haqiqiy raqamli yordamchisiga aylanish uchun ketmoqda. Odamlar ishni yangi xodimga qanday o‘rgatsa, endi AI’ni ham xuddi shunday o‘qitadigan davr boshlandi. Insoniyat, albatta, o‘ziga yana bir “stajyor” topdi.




