Sam Altman: “AI hozircha ish o‘rinlarini kamaytirgani yo‘q”

OpenAI bosh direktori Sem Altman sun’iy intellekt haqidagi avvalgi fikrlaridan biroz chekinayotgandek ko‘rinadi. U X’dagi sahifasida hozircha AI yo‘qotganidan ko‘ra ko‘proq ish o‘rinlari yaratganiga ishonishini yozdi.

“Hozircha AI yangi ish o‘rinlari yaratmoqda, deb o‘ylayman. To‘g‘risi, men bunday bo‘lishini kutmagandim”, dedi Altman.
Qizig‘i shundaki, Altman ilgari AI rivoji juda tezlashib, millionlab odamlarning ishiga ta’sir qilishi mumkinligi haqida bir necha bor ogohlantirgan edi. Hatto bu jarayon “biroz qo‘rqinchli” bo‘lishi mumkinligini ham aytgandi.
Anthropic rahbari Dario Amodei ham so‘nggi paytlarda pozitsiyasini yumshatdi. U avval sun’iy intellekt qisqa vaqt ichida ko‘plab boshlang‘ich ofis kasblarini egallab olishini ta’kidlagan bo‘lsa, endi AI’ni ish o‘rinlarini yo‘q qiluvchi vosita emas, balki inson unumdorligini oshiruvchi texnologiya sifatida tasvirlamoqda.
Ammo hozircha ilmiy tadqiqotlar AI mehnat bozoriga katta ta’sir ko‘rsatganini tasdiqlamayapti.
Bir nechta universitetlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, dasturchilar va kopirayterlar orasidagi ish inqirozi 2022-yil boshlarida, ChatGPT ommalashishidan oldin boshlangan. Yale Budget Lab tahlillari ham sun’iy intellekt sababli mehnat bozorida keskin o‘zgarishlar yuz berganini aniqlamagan.
Shunga qaramay, ayrim kompaniyalarda AI bilan bog‘liq qisqartirishlar kuzatilgan. Ba’zi holatlarda xodimlar uchun ajratilgan mablag‘lar AI infratuzilmasi va kuchli chiplar xaridiga yo‘naltirilgan. Boshqa hollarda esa kompaniyalar investorlar oldida o‘z qarorlarini oqlash uchun AI’ni sabab sifatida ko‘rsatgan.
Nega bu muhim?
Sun’iy intellekt ish o‘rinlarini butunlay yo‘q qiladimi yoki yangi kasblarni yaratadimi, degan savol hanuz ochiqligicha qolmoqda. Hozircha texnologiya kompaniyalari rahbarlari ham bu masalada aniq javob bera olmayapti. Insoniyat yana bir klassik holatga duch kelgan: avval texnologiyani yaratib oldik, endi esa uning oqibatlarini tushunishga harakat qilyapmiz.




