Yangiliklar

Meta Anthropic’ga AI quvvatlarini ijaraga berishi mumkin: bitim qiymati 10 milliard dollarga yetishi kutilmoqda

Meta o‘zining sun’iy intellekt infratuzilmasini boshqa kompaniyalarga ijaraga berishni boshlashi mumkin. The New York Times’ning xabariga ko‘ra, kompaniya hozirda Anthropic bilan ma’lumotlar markazlaridagi hisoblash quvvatlarini ijaraga berish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Taxmin qilinishicha, ikki yillik hamkorlik qiymati 10 milliard dollargacha yetishi mumkin. Anthropic ushbu taklifni iyun oyida ilgari surgan, biroq Meta hali yakuniy qarorga kelmagan. Muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanishi ham ehtimoldan xoli emas.

Agar kelishuv amalga oshsa, bu Meta uchun yangi daromad manbaiga aylanishi mumkin. Kompaniya rahbari Mark Zuckerberg avvalroq investorlar bilan suhbatda, agar Meta’ning o‘z AI loyihalari barcha hisoblash quvvatlarini ishlatib yubormasa, ortiqcha resurslarni boshqa kompaniyalarga sotishi mumkinligini aytgandi.

Meta bu yil sun’iy intellekt yo‘nalishiga rekord darajadagi mablag‘ ajratishni rejalashtirmoqda. Kompaniyaning AI bilan bog‘liq xarajatlari 145 milliard dollargacha yetishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Meta pullik AI obunalari, jumladan “Meta One” xizmatini ishga tushirish ustida ishlamoqda hamda ma’lumotlar markazlarini energiya bilan ta’minlash uchun kosmosdagi quyosh energiyasi loyihalariga ham sarmoya kiritmoqda.

Anthropic esa Claude’ning dasturlash uchun mo‘ljallangan versiyasi, Claude Code, kutilganidan ancha ommalashgani sababli qo‘shimcha hisoblash quvvatiga muhtoj bo‘lib qolgan. Kompaniya avvalroq SpaceXAI bilan 45 milliard dollarlik yirik shartnoma imzolagan.

Shunga qaramay, Anthropic uzoq muddatli rejada boshqa kompaniyalarga qaram bo‘lib qolishni istamaydi. Shu sababli kompaniya o‘zining ma’lumotlar markazlarini qurishni rejalashtirmoqda va bu loyihani boshqarish uchun Google’ning sobiq rahbarlarini ishga yollagan.

Bu holat AI bozorida yangi tendensiyani ko‘rsatmoqda: endilikda raqobat faqat kuchli modellar yaratish bilan cheklanmayapti. Katta kompaniyalar uchun hisoblash quvvati va infratuzilma ham alohida biznesga aylanmoqda. Insoniyat «kelajakni quramiz» deb GPU omborlari yig‘ib yuribdi, shekilli.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Yuqori tugmachaga qaytish